uytopber

Bosh sahifa · Savol-javob

Maklersiz kvartira ijarasi: savol-javob

Toshkentda kvartira ijaraga olayotganlar eng ko‘p so‘raydigan savollar: narx, makler haqi, depozit va shartnoma — keyin Uytopber qanday ishlashi. Javob topilmasa — botga yozing, o‘qiymiz.

Ijaraga olishdan oldin

Toshkentda kvartira ijarasi qancha turadi?

Narx tuman va xonalar soniga bog‘liq. Bizning bazadagi oxirgi 7 kunlik e’lonlar bo‘yicha 2 xonali kvartiraning mediana narxi tumanga qarab oyiga 5,3–9,6 mln so‘m. Tumanlar jadvali bosh sahifada, 1, 2 va 3 xona bo‘yicha to‘liq jadval — maklersizuylar.uz saytida; ikkalasi ham har 5 daqiqada yangilanadi.

Makler haqi odatda qancha bo‘ladi?

Toshkentda makler odatda bir oylik ijara haqini oladi, ba’zan yarmini. Oyiga 5 mln so‘mlik kvartirada bu 2,5–5 mln so‘m. Uyni egasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri olsangiz, bu pul o‘zingizda qoladi — aniq summani ijara kalkulyatorida ko‘ring.

Ko‘chib kirishga qancha pul kerak bo‘ladi?

Odatda birinchi oy uchun to‘lov (ba’zan 2–3 oy oldindan), depozit va makler orqali bo‘lsa — uning haqi. Oyiga 5 mln so‘mlik kvartirada makler orqali bu taxminan 15 mln so‘m, maklersiz esa 10 mln so‘m atrofida. O‘z holatingizni kalkulyatorda hisoblang.

Depozit (garov puli) nima va u qachon qaytariladi?

Depozit — ko‘chib kirish kuni uy egasiga beriladigan kafolat puli, Toshkentda odatda bir oylik ijara miqdorida. Chiqib ketishda uy va jihozlar joyida bo‘lsa, kommunal qarz qolmagan bo‘lsa, u qaytariladi. Qaytarish shartini shartnomaga yozing va kirish kuni uy holatini suratga olib qo‘ying.

Ijara shartnomasini qanday tuzish kerak?

Yozma shartnoma tuzing: tomonlarning pasport ma’lumotlari, manzil, oylik to‘lov va to‘lash kuni, muddat, depozit, kommunal to‘lovlarni kim to‘lashi va chiqib ketish sharti. Kvartira egasi aynan shu odam ekanini kadastr hujjati bilan tekshiring. Shartnoma soliq organining elektron tizimida (E-ijara) ro‘yxatdan o‘tkaziladi — buni odatda uy egasi qiladi.

Xizmat haqida

Uytopber nima qiladi?

OLX, Joymee, Uybor va BirBir saytlaridagi Toshkent ijara e’lonlarini har 5 daqiqada yig‘amiz, bir e’lonning bir necha saytdagi nusxasini birlashtiramiz, makler e’lonlarini ajratamiz va sizning filtringizga mos e’lonni chiqqan zahoti Telegramga yuboramiz.

E’lonlarni qayerdan olasiz?

OLX, Joymee, Uybor va BirBir saytlaridan. Har kartada manbaga havola turadi — e’lonni o‘sha saytda ochib ko‘rishingiz mumkin. Biz e’lon egasi emasmiz.

E’lon egasidan ekanini qanday bilasiz?

Bu kafolat emas, ball: har e’lon beruvchi 20 dan ortiq mezon bo‘yicha 0–100 ball oladi — e’lonlar soni, nechta tumanda e’loni bor, e’lonlar orasidagi vaqt, matndagi makler iboralari, biznes akkaunt bayrog‘i, bir xil telefon bilan qayta chiqqan e’lonlar. Kartadagi “makler belgisi topilmadi” yozuvi shu ballni bildiradi, sud hukmini emas.

Bir e’lon ikki saytda bo‘lsa nima bo‘ladi?

Bitta e’lon sifatida ko‘rinadi: matn, narx, telefon va rasm o‘xshashligi bo‘yicha dublikat topiladi va faqat birinchi ko‘ringani yuboriladi.

Kanal, bot va narxlar

Kanal bilan botning farqi nima?

Ochiq kanal bepul: e’lon 30 daqiqa kechikib, telefon raqamisiz va filtrsiz chiqadi. Bot esa e’lonni chiqqan zahoti, telefoni bilan va sizning filtringiz bo‘yicha yuboradi.

Xizmat bepulmi?

Kanal bepul. Bot — 1 kun 29 900, 7 kun 39 900, 30 kun 49 900 so‘m. Bundan boshqa to‘lov yo‘q: biz na uy egasidan, na ijarachidan komissiya olmaymiz.

To‘lov qanday amalga oshadi?

Karta o‘tkazmasi orqali. Summa va karta oxiri mos kelsa, obuna avtomatik ochiladi — odatda bir daqiqa ichida. Payme va Click keyinroq qo‘shiladi.

Qanday filtrlash mumkin?

Tuman, xonalar soni va narx oralig‘i. Filtrni istalgan vaqtda botda o‘zgartirasiz, keyingi e’lonlar yangi filtr bo‘yicha keladi.

Telefon raqami qachon ko‘rinadi?

Faqat obunachiga, botda. Ochiq kanalda va shu saytda telefon raqami hech qachon chop etilmaydi.

Kelishuv va mas’uliyat

Uy sotib olish uchun ham ishlaydimi?

Hozircha yo‘q: faqat Toshkent shahri bo‘yicha ijara e’lonlari yig‘iladi. Sotuv rejada bor.

Uyimni ijaraga bermoqchiman, e’lonni sizga beraymi?

Biz e’lon qabul qilmaymiz. E’loningizni OLX, Joymee, Uybor yoki BirBir’ga qo‘ying — makler belgisi topilmasa, u o‘zi bizning kanal va botga tushadi. Bu bepul.

Soliq va shartnoma masalasi kimning zimmasida?

Ijara shartnomasi va soliq — uy egasi bilan ijarachi o‘rtasidagi masala. Uytopber bitimga aralashmaydi, pul qabul qilmaydi va tomon bo‘lmaydi.

Oldindan pul so‘rashsa nima qilay?

Uyni ko‘rmasdan turib oldindan pul o‘tkazmang: “kalit haqi”, “bron” va shunga o‘xshash talablar firibgarlikning eng keng tarqalgan ko‘rinishi. Shartnomani uyda, hujjat bilan tuzing.

Blogdan: ijara haqida batafsil

Barcha maqolalar →

Javob topilmadimi?

Botga yozing yoki bog‘lanish sahifasiga o‘ting.

Bog‘lanish sahifasi